« Январь 2025 » | ||||||
---|---|---|---|---|---|---|
Пн | Вт | Ср | Чт | Пт | Сб | Вс |
1 | 2 | 3 | 4 | 5 | ||
6 | 7 | 8 | 9 | 10 | 11 | 12 |
13 | 14 | 15 | 16 | 17 | 18 | 19 |
20 | 21 | 22 | 23 | 24 | 25 | 26 |
27 | 28 | 29 | 30 | 31 |
Xalq deputatlari viloyat Kengashining
2020 yil ___ yanvardagi 1-sessiyasining __________-sonli qaroriga 2- ilova
Xalq deputatlari tuman Kengashining doimiy komissiyalari to‘g‘risidagi
NIZOM
I bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, xalq deputatlari Kengashining reglamenti asosida ishlab chiqilgan va xalq deputatlari tuman Kengashining (bundan buyon matnda xalq deputatlari Kengashi deb yuritiladi) doimiy komissiyalarini shakllantirish va ishini tashkil qilish tartibini, ular faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hamda vakolatlarini belgilaydi.
«Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq xalq deputatlari Kengashi sessiyasi muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish va tayyorlash, O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, xalq deputatlari Kengashining qarorlari hayotga tatbiq etilishiga ko‘maklashish, o‘z vakolatlari doirasida nazorat vazifalarini amalga oshirish uchun xalq deputatlari Kengashi o‘z vakolatlari muddatiga xalq deputatlari Kengashi deputatlari (bundan buyon matnda Kengash deputatlari deb yuritiladi) orasidan xalq deputatlari Kengashi doimiy komissiyalarini (bundan buyon matnda doimiy komissiyalar deb yuritiladi) saylaydi.
2. Doimiy komissiyalar o‘z faoliyatlarini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi, «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari asosida, shuningdek xalq deputatlari Kengashining reglamenti va xalq deputatlari Kengashi doimiy komissiyalari to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiradi.
3. Doimiy komissiyalar xalq deputatlari Kengashining sessiyasida (bundan buyon matnda sessiya deb yuritiladi) Kengash deputatlari orasidan rais va a’zolardan iborat tarkibda saylanadi. Doimiy komissiyalar o‘z faoliyatlarini jamoatchilik asosida amalga oshiradilar.
4. Kengash deputati faqat bitta doimiy komissiya a’zosi etib saylanishi mumkin.
Doimiy komissiya tarkibiga kirmagan Kengash deputati uning ishida maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etishi mumkin.
Hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari doimiy komissiyalar tarkibiga saylanishi mumkin emas.
5. Doimiy komissiyalar raislari va a’zoligiga nomzodlar sessiyaga hokim — xalq deputatlari Kengashi rahbari tomonidan taqdim qilinadi.
Doimiy komissiya raisligiga nomzod bo‘yicha ovoz berish alohida o‘tkaziladi.
Doimiy komissiyalar a’zoligiga nomzodlarni saylash nomzodlarning har birini alohida yoki doimiy komissiyaning butun tarkibini yalpi muhokama qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi, ovoz berishda qaror har bir nomzod bo‘yicha alohida yoki doimiy komissiyaning butun tarkibi bo‘yicha Kengash deputatlari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
6. Doimiy komissiyalar o‘z majlislarida ochiq ovoz berish yo‘li bilan doimiy komissiya a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan rais o‘rinbosarlarini va kotiblarini saylaydi.
7. Doimiy komissiyalarning barcha a’zolari teng huquqlardan foydalanadi.
8. Doimiy komissiyalar xalq deputatlari Kengashi oldida mas’ul va hisobdordir.
9. Kengash deputatining doimiy komissiyadagi vakolatlari uning iltimosiga ko‘ra, shuningdek uning o‘z vazifalarini bajarishga imkon bermaydigan holatlar munosabati bilan muddatidan ilgari tugatilishi mumkin.
Doimiy komissiya raisining taklifi bo‘yicha doimiy komissiya tarkibidagi o‘zgartishlar sessiyada ko‘rib chiqiladi.
10. Doimiy komissiyalar soni va tarkibi sessiyada belgilanadi.
Xalq deputatlari Kengashi tarkibida, qoida tariqasida, quyidagi doimiy komissiyalar tuzilishi mumkin:
mahalliy byudjetni shakllantirish va uni ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha;
qonuniylikni ta’minlash va korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha;
ijtimoiy-madaniy rivojlanish masalalari, yoshlar siyosati va sog‘lom avlodni tarbiyalash, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari masalalari bo‘yicha;
sanoat, transport, qurilish, kommunal xo‘jaligi masalalari va aholiga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha;
agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya bo‘yicha;
reglament va deputatlik odobi masalalari bo‘yicha;
Zarur hollarda xalq deputatlari Kengashi tomonidan yangi doimiy komissiyalar tuzilishi va ilgari tashkil qilingan doimiy komissiyalar tugatilishi, doimiy komissiyalarning tarkibiga o‘zgartishlar kiritilishi mumkin.
II bob. Doimiy komissiyalar faoliyatining asosiy yo‘nalishlari
11. Mahalliy byudjetni shakllantirish va uni ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiya:
mahalliy byudjet loyihasi, unga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqidagi takliflar, shuningdek mahalliy byudjet ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqadi, boshqa doimiy komissiyalar bilan birgalikda xulosalar tayyorlaydi, mazkur masalalar yuzasidan sessiyada ma’ruzalar va qo‘shimcha ma’ruzalar bilan chiqadi;
iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda va tadbirkorlikni rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi, o‘z vakolatlari doirasida takliflar kiritadi;
tadbirkorlik sohasida xususiy va oilaviy biznesni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish infratuzilmasini shakllantirishga, tadbirkorlik sub’ektlari uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etishga, yangi ish o‘rinlari yaratishga ko‘maklashadi;
byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish masalalarini o‘rganadi, ular bo‘yicha tavsiyalar tayyorlaydi;
mahalliy byudjet ijrosi, byudjetdan tashqari va maqsadli fondlardan maqsadli foydalanish tartibi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
mahalliy byudjetning qo‘shimcha daromad zaxiralari va manbalarini aniqlash bo‘yicha ish olib boradi;
mahalliy soliqlar va mahalliy byudjetga tushadigan boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlarning miqdorlarini belgilash va berish masalalarini ko‘rib chiqadi va xulosalar beradi;
hokimlikning tuzilishi, shtatlari va xodimlarining mehnatiga haq to‘lash fondi to‘g‘risidagi hokim – xalq deputatlari Kengashi rahbari taqdimnomasini dastlabki tarzda ko‘rib chiqadi;
xalq deputatlari Kengashining rejalashtirish va byudjet-moliyaviy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa masalalarni ko‘rib chiqishda qatnashadi;
o‘z vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ko‘rib chiqadi, ular bo‘yicha qarorlar qabul qiladi, tavsiyalar beradi va zarur hollarda xalq deputatlari Kengashi qarorlarining loyihalarini sessiyada ko‘rib chiqish uchun kiritadi.
12. Qonuniylikni ta’minlash va korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha doimiy komissiya:
xalq deputatlari Kengashi tomonidan rejalashtirilayotgan dasturlarni, shuningdek tuman hududida (bundan buyon matnda tegishli hududda deb yuritiladi) qonuniylikni ta’minlash va korruptsiyaga qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish va fuqarolarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
tegishli hududda korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ishlarning holatini kompleks o‘rganadi hamda ushbu sohadagi faoliyatni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
korruptsiya ko‘rinishlarining namoyon bo‘lishiga olib keladigan tizimli muammolar haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korruptsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korruptsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qshmitasiga muntazam ravishda axborot kiritib boradi;
o‘z vakolatiga taalluqli bo‘lgan xalq deputatlari Kengashining dasturlari va hokim qarorlari loyihalarini ko‘rib chiqishda qatnashadi va xulosalar beradi;
hokimlik bo‘limlari va boshqarmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining komissiya vakolatiga taalluqli masalalar bo‘yicha axborotini eshitadi, tavsiyalar kiritadi va ularning ijrosini nazorat qiladi;
hokim — xalq deputatlari Kengashi rahbarining O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga mos kelmaydigan qarorlarini bekor qilish to‘g‘risidagi, xalq deputatlari viloyat Kengashining doimiy komissiyasi esa tegishli viloyat hududida joylashgan xalq deputatlari tuman Kengashi qarorlarini bekor qilish to‘g‘risidagi masalalarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqadi;
ommaviy axborot vositalari, siyosiy partiyalar va jamoat birlashmalari bilan o‘zaro hamkorlikni amalga oshiradi, tegishli hududda jamoat tadbirlarini o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqadi;
fuqarolar va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning tegishli hududda qonuniylik hamda inson huquqlarining buzilishi masalalariga oid murojaatlarini ko‘rib chiqadi, shuningdek tegishli davlat organlariga so‘rovlar yuboradi va komissiya qarorlarining bajarilishini nazorat qiladi;
o‘z vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ko‘rib chiqadi, ular bo‘yicha qarorlar qabul qiladi, tavsiyalar beradi va zarur hollarda xalq deputatlari Kengashi qarorlarining loyihalarini sessiyada ko‘rib chiqish uchun kiritadi.
13. Ijtimoiy-madaniy rivojlanish, yoshlar siyosati va sog‘lom avlodni tarbiyalash hamda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi:
tegishli hududni ijtimoiy-madaniy rivojlantirish dasturlarining loyihalarini, shuningdek ularning bajarilishi haqidagi hisobotlarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqadi, boshqa doimiy komissiyalar bilan birgalikda xulosalar tayyorlaydi, mazkur masalalar yuzasidan sessiyada ma’ruza va qo‘shimcha ma’ruzalar bilan chiqadi;
tegishli hududni ijtimoiy-madaniy rivojlantirish dasturlari bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
hokimlik bo‘lim va boshqarmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining komissiya vakolatiga taalluqli masalalar bo‘yicha axborotini eshitadi, tavsiyalar beradi va ularning ijrosini nazorat qiladi;
an’anaviy xalq ijodiyoti markazlari, aholining milliy-madaniy an’analari, badiiy hunarmandchilikni rivojlantirish uchun sharoitlar yaratishga ko‘maklashadi;
tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yaxshilash, mahalliy davolash-profilaktika muassasalarini, shu jumladan tabiiy-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
farmatsevtika sohasi samarali faoliyat yuritishi bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
tegishli hududda aholining ijtimoiy himoyalanganlik holatini tahlil qiladi, aholining ijtimoiy himoyalanganligini ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritadi;
byudjet mablag‘lari va korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlarning xayriya badallari hisobidan aholini ijtimoiy himoya qilishning qo‘shimcha kafolatlarini belgilashda ishtirok etadi;
nogironlar, urush va mehnat faxriylari, ko‘p bolali oilalar hamda keksa fuqarolarning uy-joy va moddiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga ko‘maklashadi;
mehnat resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek ishga joylashtirish tizimini rivojlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
yoshlar siyosati va sog‘lom avlodni tarbiyalash sohasidagi dasturlarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqadi va ishlab chiqishda qatnashadi;
ta’lim tizimining holatini tahlil va nazorat qiladi, ta’lim sifatini yanada yaxshilash, maktablar, litseylar, kollejlarda va oliy o‘quv yurtlarida o‘quv-tarbiya jarayonini demokratlashtirishni rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar kiritadi;
ta’lim muassasalari tarmog‘ini rivojlantirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o‘quv-tarbiya jarayoni qatnashchilarini sog‘lomlashtirish va moddiy rag‘batlantirish masalalarini hal qilishga ko‘maklashadi, ta’lim sohasi xodimlarining ijtimoiy masalalarini hal qilish uchun pul mablag‘lari ajratilishi tashabbusi bilan chiqadi;
kadrlar tayyorlashni yaxshilash, tegishli hududning intellektual salohiyatini saqlab qolish maqsadida xalq deputatlari Kengashining oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorligi masalalarini dastlabki tarzda o‘rganadi va uni kuchaytirish bo‘yicha takliflar kiritadi;
jismoniy tarbiya va sport muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, sportni rivojlantirish, shuningdek aholi turar joylarida jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish uchun sharoitlar yaratish masalalarini o‘rganadi;
yoshlarni ijtimoiy muhofaza qilish, ularni ishga joylashtirish, yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha muammolarni tahlil qiladi va bu boradagi chora-tadbirlarni amalga oshirishga ko‘maklashadi;
madaniyat muassasalari tarmog‘ini rivojlantirishga ko‘maklashadi, ularning yoshlarni estetik tarbiyalashdagi rolini oshirish bo‘yicha takliflar kiritadi;
yoshlar bilan ishlashning shakl va usullarini takomillashtirish bilan bog‘liq masalalarni xalq deputatlari Kengashi tomonidan tayyorlashda va ko‘rib chiqishda takliflar kiritadi;
hokimlik bo‘lim va boshqarmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining komissiya vakolatiga taalluqli masalalar bo‘yicha axborotini eshitadi, tavsiyalar beradi va ularning ijrosini nazorat qiladi;
bola huquqlarini himoya qilish, voyaga etmaganlar ustidan vasiylik va homiylik, yoshlarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha ishlarni nazorat qiladi;
xalq deputatlari Kengashi tomonidan rejalashtirilayotgan dasturlarni, shuningdek tegishli hududda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlariga taalluqli masalalar bo‘yicha tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
tegishli hududda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga, davlat tuzilmalari va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga ko‘maklashadi;
tegishli hududda qonunlar, davlat va hududiy dasturlar, shuningdek mahalliy Kengash va hokim qarorlarining ijro etilishi yuzasidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini ta’minlaydi;
nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini rivojlantirishga, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashga doir masalalar yuzasidan tegishli hududdagi mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining axborotini eshitib boradi;
o‘z vakolatiga taalluqli bo‘lgan xalq deputatlari Kengashining dasturlari va hokimlik qarorlari loyihalarini ko‘rib chiqishda qatnashadi va xulosalar beradi;
tegishli hududdagi mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro hamkorligi samaradorligini oshirish yuzasidan tahlillar olib boradi va tegishli takliflar tayyorlaydi;
ommaviy axborot vositalari, siyosiy partiyalar va jamoat birlashmalari bilan o‘zaro hamkorlikni amalga oshiradi, tegishli hududda jamoat tadbirlarini o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqadi;
o‘z vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ko‘rib chiqadi, ular bo‘yicha qarorlar qabul qiladi, tavsiyalar beradi va zarur hollarda xalq deputatlari Kengashi qarorlarining loyihalarini sessiyada ko‘rib chiqish uchun kiritadi.
14. Sanoat, transport, qurilish, kommunal xo‘jaligi masalalari va aholiga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha doimiy komissiya:
tegishli hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining sanoat, transport, qurilish, kommunal xo‘jaligi va aholiga xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish qismini dastlabki tarzda ko‘rib chiqadi va tayyorlashda qatnashadi;
tegishli hududning bosh rejasi va qurilish qoidalari loyihalarini ko‘rib chiqishda ishtirok etadi;
kommunal soha, transport va aloqa holatini o‘rganadi, aholiga kommunal va maishiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, shahar transportini rivojlantirish bo‘yicha takliflar kiritadi;
hokimlik bo‘lim va boshqarmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining komissiya vakolatiga taalluqli masalalar bo‘yicha axborotini eshitadi, tavsiyalar beradi va ularning ijrosini nazorat qiladi;
savdo, umumiy ovqatlanishni tashkil qilish, iste’mol bozorlari faoliyati bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqadi;
bozorlar ishini optimallashtirish, sanoat va oziq-ovqat mollarini realizatsiya qilish, tegishli hududda yarmarkalar tashkil qilish bo‘yicha takliflar kiritadi;
yoqilg‘i-energetika ta’minoti, suv ta’minoti, oqova suvlarni chetga chiqarib yuborish va tozalash, maishiy chiqindilarni yig‘ish, tashish va utilizatsiya qilish masalalarini ko‘rib chiqadi;
o‘z vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ko‘rib chiqadi, ular bo‘yicha qarorlar qabul qiladi, tavsiyalar beradi va zarur hollarda xalq deputatlari Kengashi qarorlarining loyihalarini sessiyada ko‘rib chiqish uchun kiritadi.
15. Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya bo‘yicha doimiy komissiya:
agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya bo‘yicha dasturlarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqadi va tayyorlashda qatnashadi;
erdan oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini saqlash va qayta ishlov berish, tabiiy muhitni yaxshilash bo‘yicha ijtimoiy-iqtisodiy va tashkiliy-xo‘jalik sharoitlari masalalarini ko‘rib chiqadi;
dehqon va fermer xo‘jaliklari, sanoat korxonalari, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari o‘rtasidagi ishlab chiqarish aloqalarini o‘rganadi va ularni mustahkamlash bo‘yicha takliflar kiritadi;
tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan samarali foydalanish ustidan nazoratni amalga oshiradi;
qishloq xo‘jaligi hamda dehqon va fermer xo‘jaliklarini samarali rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha takliflar kiritadi;
o‘z hududidagi suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishning asosiy yo‘nalishlarini belgilashda, shuningdek suv resurslaridan foydalanishni tartibga solish va ularni muhofaza qilish sohasida qonuniylik hamda huquq-tartibotni ta’minlashda ishtirok etadi;
suv ob’ektlari holatini saqlash va yaxshilash, ularga zararli ta’sir ko‘rsatilishini oldini olish va bartaraf etish, shuningdek avariyalar, toshqin, sel va tabiiy ofatlar natijasida vayron bo‘lgan ob’ektlarni tiklash yuzasidan takliflar kiritadi;
zarur hollarda qonun hujjatlariga muvofiq ekologik ekspertiza o‘tkazish bo‘yicha takliflar kiritadi;
hokimlik bo‘lim va boshqarmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining komissiya vakolatiga taalluqli masalalar bo‘yicha axborotini eshitadi, tavsiyalar beradi va ularning ijrosini nazorat qiladi;
o‘z vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ko‘rib chiqadi, ular bo‘yicha qarorlar qabul qiladi, tavsiyalar beradi va zarur hollarda xalq deputatlari Kengashi qarorlarining loyihalarini sessiyada ko‘rib chiqish uchun kiritadi.
16. Reglament va deputatlik odobi masalalari bo‘yicha doimiy komissiya:
Kengash deputatining vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish, shu jumladan uni chaqirib olish to‘g‘risidagi, Kengash deputatini jinoiy javobgarlikka tortishga, ushlab turishga, qamoqqa olishga yoki unga nisbatan sud tartibida beriladigan ma’muriy jazoni qo‘llashga tegishincha viloyat, tuman, shahar prokurorining taqdimnomasi bo‘yicha rozilik berish haqidagi masalalarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqadi va xalq deputatlari Kengashi tomonidan ko‘rib chiqishga tayyorlaydi;
xalq deputatlari Kengashining doimiy va muvaqqat komissiyalari, boshqa organlarini tashkil qilish va tugatish haqidagi masalalarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqadi;
xalq deputatlari Kengashining topshirig‘iga muvofiq Kengash deputati tomonidan qonun hujjatlari, axloq normalari va Deputatlik odobi qoidalarini buzish faktlari bo‘yicha materiallarni ko‘rib chiqadi hamda mazkur masala bo‘yicha xulosa taqdim qiladi;
xalq deputatlari Kengashining reglamenti loyihasini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun kiritadi, shuningdek unga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida takliflar tayyorlaydi;
xalq deputatlari Kengashining doimiy va muvaqqat komissiyalari to‘g‘risidagi nizomlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
Deputatlik odobi qoidalari loyihasini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun sessiyaga kiritadi, shuningdek unga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida takliflar tayyorlaydi;
saylovchilarning deputatlar tomonidan Deputatlik odobi qoidalarini buzish bilan bog‘liq shikoyatlarini ko‘rib chiqadi;
Kengash deputatlari, boshqa shaxslar tomonidan xalq deputatlari Kengashining reglamenti normalariga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi va uni buzish holatlari mavjud bo‘lganda, ularni bartaraf qilish choralarini ko‘radi;
o‘z vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ko‘rib chiqadi, ular bo‘yicha qarorlar qabul qiladi, tavsiyalar beradi va zarur hollarda xalq deputatlari Kengashi qarorlarining loyihalarini sessiyada ko‘rib chiqish uchun kiritadi.
III bob. Doimiy komissiyalar ishini tashkil etish
17. Doimiy komissiyalar o‘z faoliyatlarini sessiyada tasdiqlanadigan ish rejalari asosida amalga oshiradilar. Doimiy komissiyaning ish rejasi xalq deputatlari Kengashining ish rejasi bilan belgilangan tegishli hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish faoliyatining asosiy yo‘nalishlariga muvofiq ishlab chiqiladi.
Doimiy komissiyaning tashabbusi bilan doimiy komissiyaning ish rejasiga tegishli o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin. Doimiy komissiyaning ish rejasidagi o‘zgartishlar navbatdagi sessiyada tasdiqlanadi.
18. Doimiy komissiyalar o‘z ishlarini masalalarni birgalikda, erkin muhokama qilish va hal etish, oshkoralik hamda doimiy komissiyalar a’zolarining keng tashabbuskorligi asosida tashkil etadilar.
19. Doimiy komissiyalar o‘z faoliyatlarini majlis shaklida amalga oshiradilar.
Doimiy komissiyalarning majlislari, qoida tariqasida, oyda kamida bir marta o‘tkaziladi.
Doimiy komissiyaning majlislari rais, rais yo‘qligida esa rais o‘rinbosarining tashabbusi bilan, shuningdek komissiya a’zolari ko‘pchiligi tomonidan chaqirilishi mumkin.
Doimiy komissiyalarning qo‘shma majlislari ular o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq o‘tkaziladi.
20. Doimiy komissiyalar majlislarida ish davlat tilida olib boriladi.
21. Doimiy komissiyalarning majlislari, basharti ularda doimiy komissiya tarkibining yarmidan ko‘pi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi.
Doimiy komissiya a’zosi majlisda ishtirok etish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, bu haqda doimiy komissiya raisiga oldindan xabar qilishi shart.
22. Doimiy komissiyalar majlislari kun tartibi loyihasiga doimiy komissiyalar ish rejalaridagi masalalar, xalq deputatlari Kengashi qarorlarida belgilangan masalalar, shuningdek doimiy komissiyalar a’zolari tomonidan taklif qilingan masalalar kiritiladi.
Kun tartibi loyihasi va majlisni olib borish tartibi doimiy komissiya raisi tomonidan e’lon qilinadi va muhokama qilingandan so‘ng tasdiqlanadi.
23. Doimiy komissiya majlislarida bayonnomalar yuritiladi.
Majlis bayonnomasida quyidagilar ko‘rsatiladi:
doimiy komissiyaning nomi, majlisning tartib raqami;
majlis o‘tkaziladigan vaqt, sana va joy;
hozir bo‘lgan va qatnashmayotgan doimiy komissiya a’zolarining soni, shuningdek taklif etilgan shaxslar soni;
majlisning kun tartibi, majlisda ko‘rib chiqish uchun kiritilgan har bir masala yuzasidan har bir ma’ruzachi hamda qo‘shimcha ma’ruzachining familiyasi va lavozimi;
kun tartibiga muvofiq muhokama qilinayotgan masalalarning mohiyati;
«yoqlayman», «qarshiman» yoki «betarafman» deb berilgan ovozlar soni ko‘rsatilgan, qabul qilingan qarorlar ro‘yxati.
Majlis bayonnomasiga majlisda hozir bo‘lgan va qatnashmayotgan doimiy komissiya a’zolari ro‘yxati, taklif etilgan shaxslar ro‘yxati, ma’ruzalar matnlari va boshqa materiallar ilova qilinadi.
Doimiy komissiya majlisining bayonnomasi majlis tugaganidan so‘ng uch kundan kechiktirmay rasmiylashtiriladi. Bayonnoma komissiya raisi yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxs va doimiy komissiya kotibi tomonidan imzolanadi.
24. Doimiy komissiya majlisini samarali olib borish uchun, qoida tariqasida, ma’ruza uchun 20 daqiqa doirasida, qo‘shimcha ma’ruza uchun 10 daqiqaga qadar, muzokaralarda so‘zga chiquvchilarga 5 daqiqadan 7 daqiqagacha, axborot yoki ma’lumot berish uchun esa 3 daqiqaga qadar vaqt beriladi.
25. Doimiy komissiyalarning majlislari ochiq o‘tkaziladi. Doimiy komissiya yopiq yoki sayyor majlis o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli.
Majlislarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlari, shuningdek tegishli hududda joylashgan davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalarining taklif qilingan vakillari va boshqa shaxslar ishtirok etishi mumkin.
Majlisga taklif etilgan shaxslar muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan qaror qabul qilishda ovoz berish huquqiga ega emas, shuningdek ular raislik qiluvchining farmoyishlariga bo‘ysunishlari shart.
Majlisga taklif qilinayotgan shaxslarning soni va tarkibi doimiy komissiya raisi tomonidan hal etiladi.
Majlisda raislik qiluvchi majlisga taklif qilingan shaxslar tarkibi va soni to‘g‘risida doimiy komissiya a’zolarini xabardor qiladi.
26. Doimiy komissiyalar masalalarni tayyorlash va ularni puxta ishlab chiqish uchun Kengash deputatlari orasidan, davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari, mutaxassislar va olimlardan iborat ishchi guruhlar tuzishga haqli.
27. Doimiy komissiyalar o‘zlariga taalluqli masalalarni ko‘rib chiqish vaqtida teng huquqlardan foydalanadilar va bir xil majburiyatlarga egadirlar.
28. Doimiy komissiyalarning a’zolari komissiyalar faoliyatida ishtirok etishlari, ularning qarorlarini hayotga tatbiq etishga ko‘maklashishlari, doimiy komissiyalarning topshiriqlarini bajarishlari shart. Doimiy komissiyalar a’zolari har chorakda doimiy komissiya raisiga doimiy komissiya ish rejasida nazarda tutilgan tadbirlarning ijro etilishi bo‘yicha o‘z faoliyati yakunlari va deputatlik vazifalarini bajarish natijalari to‘g‘risida yozma hisobotlar taqdim etadilar.
Doimiy komissiyalar a’zolari o‘z vakolatlarini ishlab chiqarish yoki xizmat faoliyatidan ajralmagan holda amalga oshiradilar. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlari doimiy komissiyalar a’zolarini ular o‘z deputatlik vazifalarini bajaradigan vaqtda, ularning ish joyini (lavozimini) saqlagan holda, ishdan ozod qilishlari shart. Deputatlik vazifalarini bajarayotgan vaqtda doimiy komissiyalar a’zolarining o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladi.
29. Doimiy komissiyaning a’zosi ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha hal qiluvchi ovoz huquqidan foydalanadi, ularni tayyorlash, muhokama qilish va qarorlar qabul qilishda, shuningdek xalq deputatlari Kengashining, doimiy komissiyaning qarorlari bajarilishini tashkil etishda ishtirok etadi. Doimiy komissiyaning har bir a’zosi bir ovozga ega va muhokama qilinayotgan masala yuzasidan «yoqlayman», «qarshiman» yoki «betarafman» deb ovoz beradi. Doimiy komissiya majlisida ishtirok etayotgan doimiy komissiyaning har bir a’zosi muhokama qilinayotgan masala bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etishga majbur.
30. Doimiy komissiya a’zosiga doimiy komissiya tomonidan ko‘rib chiqilayotgan barcha masalalarni hal etishda faol ishtirok etish uchun sharoit yaratib beriladi, unga zarur hujjatlar yoki boshqa materiallar oldindan yuboriladi. Doimiy komissiya a’zolari doimiy komissiya majlisi o‘tkaziladigan vaqt, sana, joy va kun tartibi to‘g‘risida oldindan xabardor qilinadi.
Doimiy komissiya a’zolari doimiy komissiya tomonidan joylarda ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan masalalarni hokim — xalq deputatlari Kengashi rahbari, doimiy komissiya raisining topshirig‘iga binoan yoki o‘z tashabbusi bilan o‘rganadi, ushbu masala yuzasidan davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolardan kelgan takliflarni umumlashtiradi, ularni doimiy komissya majlisida muhokama qiladi va takliflar kiritadi.
31. Bir nechta doimiy komissiyalarga taalluqli masalalar doimiy komissiyalar tomonidan birgalikda tayyorlanishi va ko‘rib chiqilishi mumkin.
Doimiy komissiyalarning qo‘shma majlislarini doimiy komissiyalar raislari o‘zaro kelishuv asosida olib boradilar.
Doimiy komissiya o‘zi ko‘rib chiqayotgan masalalar yuzasidan boshqa doimiy komissiyalarning fikrini so‘rab olishi mumkin.
Boshqa doimiy komissiyalarning iltimosiga binoan doimiy komissiya o‘ziga taalluqli masalalar bo‘yicha ushbu doimiy komissiyalar tomonidan ko‘rib chiqilayotgan masalalarni tayyorlashda ishtirok etishi mumkin.
32. Ayni bir masala bo‘yicha doimiy komissiyalarning fikri turlicha bo‘lgan taqdirda ular kelishmovchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘radilar. Agar murosaga kelinmasa, ushbu masalani tayyorlashga mas’ul bo‘lgan doimiy komissiyaning qarori uzil-kesil hisoblanadi.
33. Doimiy komissiyalarda barcha masalalar doimiy komissiya a’zolari umumiy tarkibining ko‘pchilik ovozi bilan hal etiladi.
Bir nechta doimiy komissiyalarning qo‘shma majlislari o‘tkazilganda qaror har bir doimiy komissiyada kvorum mavjud bo‘lgan holda majlisda qatnashayotgan doimiy komissiyalar a’zolari umumiy tarkibining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
34. Doimiy komissiyalar ko‘rib chiqilayotgan masalalar yuzasidan tavsiyaviy xususiyatga ega bo‘lgan qarorlar qabul qiladi yoki xalq deputatlari Kengashi qaror loyihalari bo‘yicha o‘ziga taalluqli masalalar yuzasidan xulosalar beradi.
35. Doimiy komissiyalarning qarorlari, xulosalari va bayonnomalari doimiy komissiya raisi tomonidan imzolanadi.
Doimiy komissiyalar tomonidan qabul qilingan qo‘shma qarorlar, ular tomonidan birgalikda tayyorlangan xulosalar, shuningdek qo‘shma majlislarning bayonnomalari ularning raislari tomonidan imzolanadi.
36. Doimiy komissiyalar tomonidan qabul qilingan qarorlar tegishli davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va manfaatdor shaxslarga yuboriladi.
37. Doimiy komissiyalarning qarorlari qaysi davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va mansabdor shaxslarga nisbatan qabul qilingan bo‘lsa, ular tomonidan ko‘rib chiqilishi shart.
Doimiy komissiya qarorida boshqa muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, ko‘rib chiqish natijalari yoki ko‘rilgan choralar haqida doimiy komissiyalarga bir oylik muddatda xabar qilinishi lozim. Doimiy komissiyalar qarorlarini ko‘rib chiqish yakunlari doimiy komissiyalar majlislarida, zarur hollarda esa sessiyalarda ko‘rib chiqiladi. Zarur hollarda doimiy komissiya majlisida uning qarori ijro etilishi muddatini uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi mumkin.
38. Doimiy komissiya qarorlarining bajarilishining borishi yuzasidan nazorat doimiy komissiya raisi yoki qarorda ko‘rsatilgan doimiy komissiya a’zosi tomonidan amalga oshiriladi.
IV bob. Doimiy komissiyalarning vakolatlari
39. Doimiy komissiyalar sessiyalar kun tartibiga doir takliflarni shakllantirishda ishtirok etadilar.
40. Doimiy komissiyalar o‘zlariga taalluqli masalalar bo‘yicha davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, mansabdor shaxslardan hujjatlar, yozma xulosalar, hisobot ma’lumotlari va boshqa materiallarni so‘rab olishga haqli.
41. Doimiy komissiyalar tegishli hududda joylashgan davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari rahbarlarini o‘z majlislariga taklif etish hamda ularning xalq deputatlari Kengashi qarorlari va doimiy komissiyalar tavsiyalarining bajarilishi to‘g‘risidagi axborotini tinglash huquqiga ega.
Doimiy komissiyalar tegishli organlar va tashkilotlarni ko‘rib chiqiladigan masalalar xususida oldindan xabardor qiladilar.
42. Doimiy komissiyalar o‘rganib chiqish uchun o‘zlariga berilgan masalalarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan xalq deputatlari Kengashiga o‘z qarorlari yoki xulosalarini taqdim etadilar.
43. Xalq deputatlari Kengashining topshirig‘iga binoan, doimiy komissiyalar Kengash deputatlari bildirgan takliflar, tanqidiy mulohazalar va so‘rovlarning amalga oshirilishini nazorat qiladilar.
44. Doimiy komissiya raisi:
zarur materiallar tayyorlanishini tashkil etadi, komissiya majlisini chaqiradi, majlis haqida komissiya a’zolari va boshqa ishtirokchilarni xabardor qiladi;
doimiy komissiya majlislarida raislik qiladi;
doimiy komissiyaning ish rejasi loyihasining tayyorlanishini tashkil etadi;
doimiy komissiya a’zolari, shu jumladan rais o‘rinbosari va doimiy komissiya kotibi o‘rtasida ishlarni taqsimlaydi hamda ular faoliyatini yo‘naltiradi;
doimiy komissiya a’zolariga topshiriqlar beradi, ularga doimiy komissiyaning faoliyati bilan bog‘liq materiallar va hujjatlarni yuboradi;
davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillarini, mutaxassislar va olimlarni doimiy komissiya ishida ishtirok etish uchun taklif qiladi;
sessiyalarda, davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan bo‘ladigan munosabatlarda doimiy komissiya nomidan vakillik qiladi;
doimiy komissiya faoliyati to‘g‘risida hisobot tayyorlaydi va sessiyada hisobot beradi;
doimiy komissiya qarorlarining ijro etilishi yuzasidan ishlarni tashkil etadi;
xalq deputatlari Kengashiga, hokimga — xalq deputatlari Kengashi rahbariga ularning topshiriqlari bajarilishi yuzasidan axborot beradi;
doimiy komissiya a’zolarini ular tomonidan qabul qilingan qarorlar bajarilganligi va tavsiyalari ko‘rib chiqilganligi to‘g‘risida xabardor qiladi;
boshqa doimiy komissiyalar bilan birgalikda ishlar olib borilishini tashkil qiladi;
doimiy komissiya majlisi qarorlari, xulosalari va bayonnomalarini imzolaydi;
o‘z vakolati doirasida boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
45. Doimiy komissiya raisining o‘rinbosari raisning topshirig‘iga ko‘ra uning ayrim vazifalarini bajaradi va rais yo‘qligida yoki uning o‘z vazifalarini amalga oshirishga imkoni bo‘lmagan hollarda rais vazifasini bajaradi.
46. Doimiy komissiya kotibi:
doimiy komissiya ish rejasining loyihasini tayyorlaydi;
doimiy komissiya ish rejasining bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
doimiy komissiya ish yurituvi uchun javob beradi, hokimlikning tegishli bo‘limiga hujjatlarni saqlash uchun o‘rnatilgan tartibda topshiradi;
doimiy komissiya majlisi bayonnomasini yuritadi va uni imzolaydi;
doimiy komissiya faoliyati bilan bog‘liq boshqa vazifalarni bajaradi.
V bob. Yakunlovchi qoidalar
47. Doimiy komissiyalar faoliyatiga tashkiliy, texnikaviy va boshqa jihatlardan xizmat ko‘rsatish tegishli hokimlik apparati tomonidan ta’minlanadi.
48. Tegishli hokimliklar doimiy komissiyalarni hujjatlar, zarur axborot va ma’lumot materiallari, shuningdek doimiy komissiyalar faoliyati bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha mutaxassislarning maslahatlari bilan ta’minlaydi.
49. Doimiy komissiyalar to‘g‘risidagi nizomni qabul qilish, unga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish masalalari yuzasidan qarorlar sessiyada Kengash deputatlari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.